
2026-yil 24-iyul kuni Aktau shahrida Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri O. Bektenov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov raisligida Qozogʻiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning 23-yigʻilishi, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Q. Toqayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Qozogʻiston va Oʻzbekiston Hududlar rahbarlari kengashining 1-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Hukumatlararo komissiya yigʻilishi doirasida tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayonini koʻrib chiqdilar hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Oʻzaro savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport-logistika oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash, suv xoʻjaligi hamda madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qiymati 7,8 mlrd AQSH dollari boʻlgan Investitsiyalar va savdo sohasidagi “Yoʻl xaritasi”ni sifatli amalga oshirish, shuningdek, qoʻshma sanoat loyihalari va transport yoʻlaklarini yanada rivojlantirish muhimligi tasdiqlandi. Yigʻilish yakunida Hukumat rahbarlari 23-yigʻilish Bayonnomasini imzoladilar.
Hududlar rahbarlari kengashining birinchi yigʻilishi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikni mustahkamlashning yangi mexanizmiga aylandi. Uchrashuv davomida hududlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarning savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda davlat rahbarlari tomonidan belgilangan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 10 mlrd AQSH dollariga yetkazish maqsadiga erishishdagi alohida oʻrni taʼkidlandi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish, Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishini oʻz ichiga olgan transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirlarda Qozogʻiston va Oʻzbekistonning chegaradosh hududlari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, har ikki mamlakatning 300 nafardan ortiq biznes vakillari ishtirok etdilar. Yigʻilishlar yakunida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, chegaradosh hududlar hamkorligini mustahkamlash va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan umumiy qiymati 170 mln AQSH dollaridan ortiq boʻlgan hududlararo memorandumlar hamda tijorat hujjatlari imzolandi. Erishilgan kelishuvlar Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qoʻshimcha turtki berishi kutilmoqda.