
2026-yil 3-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B. Atamqulov Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, korxona faoliyati, ishlab chiqarish sikli hamda kombinatning eksport salohiyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda kombinat Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, shuningdek, O‘zbekistonda kumush ishlab chiqarishning qariyb 90 foizini va oltin ishlab chiqarishning taxminan 20 foizini ta’minlaydi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Boshqaruvi raisi A. Xursanov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston va O‘zbekistonning kon-metallurgiya sohasidagi hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, Qozog‘iston korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Atamqulov ikki davlat Prezidentlari o‘zaro savdo hajmini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasini belgilab berganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, ikki tomonlama savdo amalga oshirilayotgan tovarlar nomenklaturasini yangi tovar pozitsiyalari, jumladan, eksport va kooperatsiya salohiyati yuqori bo‘lgan tog‘-kon sanoati mahsulotlari hisobiga kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Bu o‘zaro yetkazib berish hajmini kengaytirish, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish hamda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, A. Xursanov kombinatning joriy faoliyati, investitsiya dasturining amalga oshirilishi, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish istiqbollari hamda korxonani yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Jumladan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Qozog‘iston ko‘mirini yetkazib berish masalasini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.