Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmonov bilan elchi Beybut Atamkulovning uchrashuvi

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmonov bilan elchi Beybut Atamkulovning uchrashuvi

2026-yil 10-fevral kuni Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamkulov hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv 2026-yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri B. Saidov bilan o‘tkazilgan muzokaralarning davomi bo‘lib, hamkorlikning dolzarb masalalarini yanada batafsil muhokama qilishga qaratildi.

Tomonlar joriy yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama tadbirlar va yirik xalqaro voqealar jadvalini, shuningdek, qo‘shma hukumatlararo va sohaviy hamkorlik mexanizmlari doirasidagi rejalashtirilgan yig‘ilishlarni ko‘rib chiqdilar.

Elchi B. Atamkulov O‘zbekiston tomonini Qozog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan referendum haqida xabardor qildi.

Shuningdek, u 2026-yil aprel oyida Astana shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammitga tayyorgarlik jarayoni, jumladan, ekologiya, barqaror rivojlanish va ta’lim sohalarida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi rejalari haqida ma’lumot berdi. Shu nuqtai nazardan, Elchi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Q. Q. Toqayevning BMT tizimi doirasida Xalqaro suv tashkilotini tashkil etish tashabbusi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi.

O‘z navbatida, B. Usmonov Qozog‘iston Respublikasidagi konstitutsiyaviy islohotlarga O‘zbekiston tomonining chuqur qiziqishini ta’kidlab, bo‘lajak referendumni samimiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari rejalashtirilgan tadbirlarda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi hamda Qozog‘iston Respublikasi tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslarni yuqori baholadi.

Uchrashuv davomida fuqarolar huquqlarini himoya qilish, ko‘p tomonlama tuzilmalar, jumladan, IHT va BMTning ESKATO doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv konstruktiv va ishchan ruhda o‘tdi.