
2026-yil 3-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamkulov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakil Ismatulla Irgashev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Elchi B. Atamkulov O‘zbekistonning Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini, shuningdek afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish borasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi. Diplomatik missiya rahbari gumanitar yordamni saqlab qolish muhimligini va Afg‘onistonni mintaqaning savdo-iqtisodiy aloqalariga bosqichma-bosqich jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, Afg‘oniston masalalari bo‘yicha Maxsus vakillar Kontakt guruhining samarali faoliyati alohida qayd etildi. Ushbu guruhning navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning 16-fevral kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.
O‘z navbatida, Maxsus vakil I. Irgashev O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish va iqtisodiy ko‘mak berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berib, transport-logistika va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan o‘z baholari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuvda, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari ko‘rib chiqildi hamda Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha qozog‘iston-o‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirishga.